Braziliyaning Belen shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi — CoP30 doirasida yuqori darajadagi segment bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nutq so‘zlab, Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishiga nisbatan yuqori darajada zaif ekanini ta’kidladi.
Vazirning aytishicha, mintaqada harorat allaqachon 2,2 °C ga ko‘tarilgan, muzliklar esa har yili hajmining 0,5 foizigacha yo‘qotayotganini ko‘rsatmoqda. Bu jarayonlar yerlarning degradatsiyasi va suv resurslarining kamayishi bilan birga hudud uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning milliy miqyosda belgilangan hissalar (MMBH) bo‘yicha yangi maqsadini e’lon qildi: mamlakat 2010-yilga nisbatan 2035-yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga kamaytiradi.
Konferensiyada qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini kengaytirish, o‘rmonzorlar barpo etish, chiqindilarni qayta ishlash va boshqarish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar ham yoritildi. Shuningdek, “Green University” tashabbusi hamda cho‘llanishga qarshi kurash yuzasidan tashkil etilayotgan mintaqaviy markazning ahamiyati alohida qayd etildi.
Yakunda vazir ishtirokchilarni 2026-yil 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan GEFning 8-Assambleyasi va Eco Expo Central Asia ko‘rgazmasiga tashrif buyurishga taklif etdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!