18-noyabr — O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan poytaxtda keng ko‘lamli bayram tadbirlari tashkil etiladi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, dasturda yoshlar, sportchilar, san’atkorlar hamda jamoatchilik ishtirokida o‘tadigan bir qator marosimlar rejalashtirilgan.
Bayroq estafetasi shahar bo‘ylab quyidagi manzillarda tantanali kutib olinadi:
- 14:00 — Bektemir tumani, “Rohat” posti;
- 15:00 — Mirzo Ulug‘bek tumani, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i majmuasi;
- 16:00 — Chilonzor tumani, “Erkin” posti.
Bayram kunining asosiy tadbirlari “Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘tkaziladi:
- 17:00 — O‘zbek estradasi ijrochilari ishtirokidagi gala-konsert;
- 18:00 — poytaxt osmonida dronlar shousi namoyish etiladi.
O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan 18-noyabr kuni Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy bo‘linmalarining namoyishkorona yurishlari ham o‘tkaziladi. Harbiylar “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida 15:00 da ko‘rgazmali chiqishlar bilan boshlanib, “Chorsu” bozori, Toshkent sirki orqali “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonigacha harakatlanadi. Maydonda jangovar chaqiriqlar, ko‘rgazmali chiqishlar va harbiy orkestrning defile namoyishlari o‘tkaziladi.
Tadbirlar munosabati bilan 18-noyabr kuni 15:00–17:00 oralig‘ida poytaxtning markaziy ko‘chalarida avtotransport harakati vaqtinchalik cheklanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!