Yangiliklar

Toshkentda tashqi reklama bo‘yicha katta reyd o‘tkazildi

Toshkentda tashqi reklama bo‘yicha katta reyd o‘tkazildi

Toshkent shahar bo‘ylab tashqi reklama nazorati doirasida 2 mingdan ortiq peshlavha olib tashlandi. Bu haqda shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti Tashqi reklama loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizov ma’lum qildi.

So‘nggi paytlarda reydlar natijasida tadbirkorlarga savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish joylaridagi peshlavhalarni ixtiyoriy ravishda olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Avtomobillardagi tashqi reklama ham nazorat qilinmoqda.

Shoazizovning aytishicha, tashqi reklama bozorini tartibga soluvchi asosiy hujjatlar — Vazirlar Mahkamasining 2020 va 2023 yillardagi qarorlari hisoblanadi. Unga ko‘ra, reydlar ikki bosqichda o‘tkazilgan: birinchi bosqichda yo‘llar bo‘yicha reklama bilbordlari tekshirilib, 2–3 mingta demontaj qilingan; ikkinchi bosqichda turar joy binolaridagi reklama va peshlavhalar nazorat qilingan.

Shahar bo‘ylab olib tashlangan peshlavhalar ichida Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi 200 ta peshlavha ixtiyoriy ravishda olib tashlangan. Qonunchilikka zid reklama o‘rnatganlarga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 20,6 mln so‘mgacha jarima qo‘yilishi mumkin.