Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi negizida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.
Prezident Farmoniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalari tarkibida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonun ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi.
Ekopolitsiya — Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga oid ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir.
Farmonga asosan, Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘i o‘rinbosari esa Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.
Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda, tabiiy ekologik hududlar doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar (elektroshok qurilmalari) va xizmat qurolidan (rezina o‘qli yoki to‘r otuvchi) foydalanish huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimlariga bodi-kameralar o‘rnatiladi.
Qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgungacha, Ekopolitsiya xodimlari tomonidan kuch ishlatish tartibi“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan asoslarda amalga oshiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!