Dunyoda go‘sht hanuz eng asosiy oqsil manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq uning iste’mol darajasi mamlakatlar kesimida keskin farq qilishi kuzatiladi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kishi boshiga go‘sht iste’moli eng yuqori bo‘lgan davlatlar reytingini e’lon qildi.
Mol go‘shti bo‘yicha yetakchilar:
Reytingda Argentina (46 kg) birinchi o‘rinni band etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Zimbabve (44,4 kg), AQSH (38 kg), Isroil (36,1 kg) va Braziliya (34,6 kg) qayd etilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston (30,8 kg) yetakchi bo‘lib, undan keyin Turkmaniston (25,1 kg), Tojikiston (24,9 kg), Qozog‘iston (24,8 kg) va Qirg‘iziston (15,7 kg) joylashgan.
Qo‘y va echki go‘shti bo‘yicha kuchli beshlik:
Mo‘g‘uliston — 68,5 kilogramm ko‘rsatkich bilan yaqqol yetakchi. Keyingi o‘rinlarda Bahrayn (23,4 kg), Yangi Kaledoniya (21,9 kg), Turkmaniston (20,3 kg) va Chad (19 kg) qayd etilgan.
Markaziy Osiyoda Qirg‘iziston (9,84 kg) ikkinchi o‘rinni egallab, undan keyin Qozog‘iston (8,51 kg), Tojikiston (7,7 kg) va O‘zbekiston (4,8 kg) keladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Mo‘g‘ulistonning yuqori ko‘rsatkichi uning ko‘chmanchi chorvadorlik an’analari, iqlimning qattiqligi hamda dehqonchilik imkoniyatlarining cheklanganligi bilan bog‘liq.
Tovuq go‘shti bo‘yicha yetakchilar:
Kuchli beshlikni Sent-Vinsent va Grenadin orollari (94,1 kg) boshlab bergan. Shuningdek, Tonga (90,6 kg), Marshall orollari (74,8 kg), Samoa (74,8 kg) va Isroil (70,8 kg) yuqori o‘rinlarni egallagan.
Isroildan tashqari kuchli beshlikdagi davlatlarning barchasi orollardir. Tovuq go‘shti arzon va qulay oqsil manbai bo‘lgani uchun bu hududlarda keng iste’mol qilinadi.
Markaziy Osiyoda esa tovuq go‘shti eng ko‘p Qozog‘istonda (21,8 kg) iste’mol qilinadi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (11,2 kg), Qirg‘iziston (7,55 kg), O‘zbekiston (6,38 kg) va Tojikiston (2,75 kg) qayd qilingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!