Sport

Islombek Ismoilov: “U-17 bilan o‘tgan uch yil — sharaf va katta mas’uliyat bo‘ldi”

Islombek Ismoilov: “U-17 bilan o‘tgan uch yil — sharaf va katta mas’uliyat bo‘ldi”

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jamoaning Qatarda bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi. 33 yoshli mutaxassis o‘z mulohazalarini Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi.

Ismoilov o‘tgan uch yillik faoliyatini “shunchaki ish emas, balki sharaf, mas’uliyat va sinov” sifatida ta’riflab, bu davrda jamoa bilan bosib o‘tilgan yo‘lni yodga oldi. U mashg‘ulotlar, erishilgan g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar hamda 2025-yilda qo‘lga kiritilgan Osiyo chempionligini alohida e’tirof etdi.

“Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati. Hech qachon unutmayman: biz har bir o‘yin oldidan bitta fikr bilan maydonga tushardik — ‘Bu Vatan uchun jon fido’”, — deb yozdi Ismoilov.

U, shuningdek, terma jamoaga futbolchilarni tanlashda halollik tamoyillariga amal qilganini bildirib o‘tdi.

“Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Men hech qachon ismga, klubga yoki tanish-bilishga emas, faqat mehnat va xarakterga qaradim”, — deya ta’kidladi murabbiy.

Ismoilov o‘z minnatdorchiligini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, texnik bo‘lim, tibbiyot xodimlari, yordamchi murabbiylar va butun shtabga bildirdi. U futbolchilarga ham alohida murojaat yo‘lladi:

“Sizlar mening faxrim bo‘lib qoldingizlar. Yutdingiz ham, yutqazdingiz ham, lekin hech qachon taslim bo‘lmadingiz. Men sizlarga ishonaman.”

Murabbiy o‘z murojaatini “Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas, yangi bosqichning boshlanishi”, deya yakunladi.

Ma’lumot uchun, Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 18-noyabr kuni Jahon chempionati 1/8 finalida Italiya terma jamoasiga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.