Siyosat

Ombudsmanning mahbuslar huquqlariga oid qonunchilik taklifi ma’qullandi

Ombudsmanning mahbuslar huquqlariga oid qonunchilik taklifi ma’qullandi

2025-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Ombudsman F. Eshmatova tomonidan taqdim etilgan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonunchilik taklifi ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Majlisda Ombudsman takliflarning sabablari va huquqiy asoslarini bayon qildi. Qonun loyihasi tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga tatbiq etilayotgan ayrim tartib-qoidalarni qayta ko‘rib chiqish, ularning kundalik ehtiyojlarini yaxshiroq ta’minlash va insonparvarlik standartlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Xususan, loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilishga ruxsat berish.
  • Shu kunlarda qo‘shimcha kiyim-bosh va poyabzal olish imkoniyati.
  • Oyiga minimal ish haqining bir baravarigacha miqdorda oziq-ovqat va eng zarur buyumlarga xarajat qilish huquqi.

Qonunchilik takliflarini tayyorlashda AQSh, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Germaniya, Kanada va MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan bo‘lib, milliy qonunchilikni xalqaro mezonlarga moslashtirish zarurligi ta’kidlangan.

Deputatlar mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlashdi. Qonunchilik o‘z kuchiga kirishi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning insonparvarlik huquqlari mustahkamlanadi, tuzalish yo‘liga o‘tish imkoniyati kengayadi va milliy qonunchilik xalqaro amaliyotga yaqinlashadi.