17-noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat rejaning rezolyutsiyasini ma’qulladi. Rezolyutsiyani 13 davlat, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya va Somali qo‘llab-quvvatlagan, qarshi ovoz bo‘lmagan, Rossiya va Xitoy esa betaraf qolgan.
Reja doirasida Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (ISF) tuziladi. Ular Isroil va Misr bilan hamkorlikda, yangi Falastin politsiyasi bilan birga chegaralarni nazorat qiladi va HAMAS kabi qurolli guruhlarni qurolsizlantirish jarayonini kuzatadi.
AQSH BMTdagi elchisi Mayk Voltsning aytishicha, ISF hudud xavfsizligini ta’minlaydi, G‘azoni demilitarizatsiya qiladi, qurollarni yo‘q qiladi va tinch aholining xavfsizligini himoya qiladi. Shuningdek, BMT vaqtinchalik boshqaruv organi — “Tinchlik Kengashi” tuziladi, u Falastin qo‘mitasi boshqaruvida gumanitar yordam tarqatish va hududni tiklashni nazorat qiladi.
Tramp qarorni tarixiy deb atadi va kengash tuzilishi tez orada e’lon qilinishini aytgan. Rezolyutsiyada Falastin xalqining o‘z davlatini shakllantirishga yo‘l ochilishi ham tilga olingan.
Birinchi bosqich — Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni topshirish — 10-oktyabrda kuchga kirgan. Volts uni “juda nozik birinchi qadam” deb ta’riflagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!