Siyosat

Prezident yig‘ilishda ikki tuman hokimini ishdan olishga buyurdi

Prezident yig‘ilishda ikki tuman hokimini ishdan olishga buyurdi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Denov va Chiroqchi tumanlari hokimlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Denov: katta mablag‘, ammo natija yo‘q

Surxondaryoning Denov tumaniga Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganiga qaramay, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kutilgan natija kuzatilmagan.

Kambag‘al oilalar reyestriga kirgan 1200 ta oila daromadi bir yildan beri o‘zgarmagan. Shuning uchun Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov hamda uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov lavozimidan ozod qilindi.

Chiroqchi: aholini majburan kreditga jalb qilish tanqid qilindi

Qashqadaryodagi Chiroqchi tumaniga joriy yilda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 309 mlrd so‘m kredit resursi ajratilgan. Biroq hokimlik aholiga imkoniyatiga yarasha tayyor loyihalar taklif qilish o‘rniga, odamlarni yoppasiga kredit olishga majburlayotgani tanqid qilindi.

“Shuncha resurs bilan odamlarga tayyor loyiha berish o‘rniga, aholini kredit olishga majburlayapti. Uning qaytimini o‘ylagani ham yo‘q”, – dedi Mirziyoyev.

Shu sababli Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov va uning birinchi o‘rinbosari Zafar Ergashev ham ishdan olindi.

Yana 20 ta tuman hokimi bo‘yicha chora ko‘riladi

Yig‘ilishda ayrim tumanlarda bandlik masalalarida “jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilik” aniqlangani aytildi.

Bosh vazirga quyidagi 20 tuman hokimlariga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish topshirildi:
Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon.

Ma’lumot uchun, Ilhom Abrorov — 2023 yil yanvaridan buyon Denov tumaniga rahbarlik qilgan.
Fayzulla Yusupov — 2023 yil avgustida Chiroqchi tumani hokimi etib tayinlangan.