Jinoyat

Bo‘lajak kuyovning firibgarliklari fosh etildi: prokuror 10 yil qamoq jazosi so‘radi

Bo‘lajak kuyovning firibgarliklari fosh etildi: prokuror 10 yil qamoq jazosi so‘radi

Mirzo Ulug‘bek tuman sudida kelinning uyini sotib yuborgan bo‘lajak kuyov ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. 20-noyabr kungi sud majlisida muzokara bosqichiga o‘tilib, davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rismatov Shahzodga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘radi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Sud jarayonida ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bo‘yicha bir nechta epizodlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgani ma’lum qilindi. Prokuror ta’kidlashicha, sudlanuvchi 2023–2024-yillar davomida bir nechta shaxslarning ishonchiga kirib, ulardan juda katta miqdorda pul olgan va va’dalarini bajarmagan.

179 ming dollarlik “tadbirkorlik” va 30 ta iPhone ishi
Sodir etilgan jinoyatlardan biri — 1991-yilda tug‘ilgan Yusupov Jasurga tadbirkorlik qilib, chet eldan mashina olib kelish orqali daromad topishni taklif qilishi. Yusupovdan 179 300 dollar olgan bo‘lsa-da, pulni o‘z ehtiyojiga sarflagani tergov davomida tasdiqlangan.

Shuningdek, sudlanuvchi 30 dona iPhone 15 Pro Max telefonini 39 ming dollarga olib, pulini qaytarmagani oqibatida jabrlanuvchiga qariyb 494 million so‘mlik zarar yetkazgan.

“Mercedes” va boshqa avtomobillar bilan bog‘liq epizodlar
Ayblov xulosasida keltirilishicha, sudlanuvchi yana bir tanishi Saydullayevga o‘ziga tegishli Mercedes-Benz V213 E63 avtomobilini sotishni va’da qilgan holda 77 700 dollar olgan, ammo mashinani sotib yuborgan.

Bundan tashqari, Zeekr-001, Mercedes-Benz 180S va Malibu-2 avtomobillarini 110 ming dollarga sotgani, biroq mashinalarni egalariga topshirmagani aniqlangan. Ushbu holatda 110 ming 150 dollarlik zarar yetkazilgan.

240 ming dollarlik nikoh va uy mojarosi
Eng e’tiborga molik epizodlardan biri — bo‘lajak kuyov sifatida Shahlo Olimboyevaning ishonchiga kirib, uning qizi Jamilaga uylanishini aytib, Olimboyevaga tegishli uyni boshqa shaxs nomiga o‘tkazdirgani. Ushbu uy uchun 240 ming dollar olgan. Prokuror bu epizod ham to‘liq tasdiqlanganini bildirdi.

Prokuror talabi
Davlat ayblovchisi barcha epizodlar Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi doirasida to‘g‘ri malakalanganini qayd etib, sudlanuvchini 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Shuningdek, yetkazilgan zararlarni undirish va qo‘shimcha tergov tayinlash taklif qilindi.

Sud jarayoni davom etmoqda.