Jahon

Japarov: “Xitoyliklar bizni bosib olish uchun emas, zavodlar qurish uchun kelgan”

Japarov: “Xitoyliklar bizni bosib olish uchun emas, zavodlar qurish uchun kelgan”

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov xitoylik quruvchilarga nisbatan tarqalgan tanqidiy fikrlarga javob berdi. Pervomaysk tumani aholisi bilan uchrashuvda u ayrim shaxslar Xitoy fuqarolari ko‘payib ketayotgani haqidagi gaplar bilan jamoatchilikni chalg‘itayotganini aytdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Xitoy fuqarolari Qirg‘izistonga bosqin uchun emas, balki zavodlar qurish va temir yo‘l loyihalarida qatnashish uchun kelgan.

“Biz g‘orda yashagandek yashay olmaymiz. 2030-yildan boshlab temir yo‘l orqali jahon bozorlariga chiqamiz, tranzit imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi Japarov.

Uning mazkur izohi yaqinda qurilish jarayonida qum-shag‘al tashiyotgan ikki guruh — Xitoy va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasidagi mojaro ortidan bildirildi. Yo‘l bermaslik kelishmovchiligi sabab yuzaga kelgan mushtlashuvda 16 nafar Xitoy fuqarosi hibsga olingan va holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Japarov “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ham xitoylik mutaxassislarni jalb qilish zarurati haqida gapirdi. U davlat mamlakatdagi xorijlik ishchilarni nazorat qilish uchun yetarli resurslarga ega ekanini, bunday maishiy mojarolarni siyosiy masalaga aylantirmaslik kerakligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik ishchilar mahalliy aholiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishi haqida ogohlantirilgan. Yirik loyihalar yakunlangach, ularning vizalari muddati tugashi bilan barcha xorijlik ishchilar mamlakatni tark etadi.

Japarov “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishida ham Xitoy mutaxassislarining ishtiroki shart ekanini qayd etdi:

“Mutaxassislarimiz o‘rganyapti, lekin tog‘da temir yo‘lni o‘zimiz qura olamiz, deyishga hali erta”, — dedi u.

Davlat rahbarining aytishicha, mahalliy kompaniyalar oddiy uchastkalarda ham kechikayotgan bir paytda, xitoylik pudratchilar ishni o‘z vaqtida yakunlamoqda. Bu esa qirg‘izistonlik muhandislar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.