Rossiya Davlat dumasi chet ellik ishchilar uchun majburiy tibbiy sug‘urta (MTS) polisini olish qoidalarini qat’iylashtiruvchi qonunni ma’qulladi. Yangi tartibga ko‘ra, MTS polisini rasmiylashtirish uchun migrantlar Rossiya hududida kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lishi shart bo‘ladi. Bu haqda parlament matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bepul tibbiy yordam — faqat 5 yillik stajdan so‘ng
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, bepul tibbiy yordam faqat kamida besh yil qonuniy ishlagan muhojirlarga taqdim etiladi. Istisno sifatida faqat favqulodda holatlar ko‘rsatilgan.
“Rossiyada ishlashni istagan va yuqori ijtimoiy kafolatlardan foydalanishni xohlagan shaxslar bunga halol va qonuniy mehnat bilan erishishi kerak”, — dedi Volodin.
Ayni paytda MTS polisini olish uchun 3 yillik ish staji yetarli bo‘lgan. Qonun kuchga kirgach, talablardan biri sifatida 5 yillik staj belgilanadi.
Yangi tartib kimlarga tatbiq etilmaydi?
- Yuqori malakali mutaxassislar — amaldagi qoidalarga ko‘ra MTS polisini rasmiylashtirish huquqiga ega bo‘lib qoladi.
- JSTga a’zo mamlakatlar kompaniyalarining Rossiyadagi filiallari va vakolatxonalariga yuborilgan xodimlar — imtiyozli tartib saqlanadi.
Qonun qachon kuchga kiradi?
Hujjat Rossiya prezidenti tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi.
Kengroq kontekst
- Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030-yillar uchun yangi migratsiya siyosati konsepsiyasini tasdiqlagan. Unda 2030-yilgacha migrantlar oqimi ortishda davom etishi qayd etilgan.
- Sentyabr oyida Rossiyada ishlamaydigan migrant oilalar uchun pullik yashash tartibi joriy etish taklif qilingandi.
- 1-sentyabrdan boshlab migrantlar uchun qo‘shimcha davlat bojlari — ro‘yxatdan o‘tish, migratsiya hisobi va mehnat faoliyatiga ruxsat olish bilan bog‘liq to‘lovlar oshirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!