Jahon

Buyuk Britaniyada 4,4 ming dollarlik ish o‘rinlari: o‘zbekistonliklar uchun tanlov boshlandi

Buyuk Britaniyada 4,4 ming dollarlik ish o‘rinlari: o‘zbekistonliklar uchun tanlov boshlandi

Migratsiya agentligi hamda Buyuk Britaniyaning Skills Provision Ltd kompaniyasi hamkorligida yuqori maoshli ish o‘rinlari uchun o‘zbekistonlik mutaxassislar saralovi boshlanganini ma’lum qildi. Tanlov Overhead High Voltage Transmission Linesman — yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchisi lavozimi bo‘yicha o‘tkazilmoqda.

500 ta bo‘sh ish o‘rni

Mutaxassislar uchun jami 500 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Lavozim vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • mehnat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish;
  • elektr montaji bilan bog‘liq texnik ishlar;
  • arqon va balandlikda ishlash;
  • po‘lat konstruksiyalarni o‘rnatish va ta’mirlash;
  • texnik chizmalarni o‘qish.

Ish haqi va sharoitlar

Xodimlar qish mavsumida haftasiga 39 soat, yozda esa 60 soat ishlaydi. Soliqdan keyingi oylik 3 400 funt sterlingni (taxminan 4,4 ming dollar) tashkil etadi. Qo‘shimcha ishlar uchun alohida haq belgilanadi.

Ish beruvchi quyidagilarni ta’minlaydi:

  • mehnat vizasi xarajatlari;
  • tibbiy sug‘urta;
  • har ish kuni uchun 60 funt sterling Working Away Allowance.

Ovqatlanish va ish joyiga yetib borish xarajatlari qisman xodim zimmasida bo‘lib, ayrim qismi ish beruvchi hamda Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Ariza topshiruvchilar:

  • 23–45 yoshda bo‘lishi;
  • elektr energetikasi yoki yaqin yo‘nalishda oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi;
  • ingliz tilidan B2 darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart.

Shuningdek, 110 kV va undan yuqori kuchlanishdagi elektr uzatish liniyalarida ishlash ko‘nikmalari, balandlikda ishlash bo‘yicha tajriba va minoralar montajida malaka talab etiladi.

Ariza topshirish

Ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha havola Migratsiya agentligi rasmiy kanallarida e’lon qilingan.

So‘nggi yillarda fuqarolarni tartibli mehnat migratsiyasi orqali xorijga yuborish tizimi takomillashgani sababli o‘zbekistonliklar asosan yuqori malakali va yuqori maoshli ish o‘rinlariga yo‘naltirilmoqda. Natijada chet elga ketayotgan fuqarolar soni 2016-yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, ular yuborayotgan pul mablag‘lari sezilarli oshdi: 2016-yildagi 3,8 milliard dollardan 2025-yilning 10 oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetgan.