Sport

Javohir Sindorov Yakubboyevni mag‘lub etib, Jahon kubogi finaliga chiqdi

Javohir Sindorov Yakubboyevni mag‘lub etib, Jahon kubogi finaliga chiqdi

Hindistonning Goa shahrida o‘tayotgan FIDE World Cup 2025 musobaqasida o‘zbekistonlik ikki grossmeyster o‘zaro yarim final bahsida to‘qnash keldi. Tarixiy duel yakuniga ko‘ra, Javohir Sindorov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

21–22 noyabr kunlari Nodirbek Yakubboyev (2689 reyting, 37-o‘rin) va Javohir Sindorov (2721 reyting, 25-o‘rin) o‘rtasidagi ikki klassik partiya 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangandi. Bugun, 23-noyabr kuni o‘tkazilgan tay-brek bahslarida Javohir 1,5:0,5 hisobida ustun kelib, hal qiluvchi bosqichga yo‘l oldi.

Bu natija bilan Sindorov o‘zbek shaxmati tarixida ilk bor Jahon kubogi finaliga chiqqan sportchiga aylandi.

Final raqibi — Vey Li

Endi Javohir Sindorov finalda xitoylik Vey Liga qarshi dona suradi.

Shuningdek, Sindorov ushbu natija orqali 2026-yilgi shaxmat toji uchun da’vogarlar turniriga bevosita yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Yakubboyev — 3-o‘rin uchun kurashda

Nodirbek Yakubboyev esa bronza medali uchun rossiyalik Andrey Yesipenkoga qarshi maydonga chiqadi. Bu bahs g‘olibi ham da’vogarlar turniriga yo‘l oladi.

Musobaqa jadvali

Final:

  • Javohir Sindorov (O‘zbekiston) — Vey Li (Xitoy)

3-o‘rin uchun bahs:

  • Nodirbek Yakubboyev (O‘zbekiston) — Andrey Yesipenko (Rossiya)

Final va bronza uchun o‘yinlar 24–25 noyabr kunlari o‘tkaziladi. Agar klassik partiyalarda g‘olib aniqlanmasa, tay-breklar 26-noyabrga belgilangan.