Ilm-fan

O‘zbekistonda Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston diplomlarining tan olinishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi

O‘zbekistonda Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston diplomlarining tan olinishi bo‘yicha rasmiy izoh berildi

O‘zbekistonda Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinishi haqidagi savollarga Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib **“Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”**ni ratifikatsiya qilgan. Mazkur hujjatning 4-moddasiga ko‘ra, konvensiyaga a’zo davlatlar o‘zaro malaka va diplomlarni tan olish majburiyatini oladi.

Biroq Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston hozircha konvensiya a’zosi emas. Shu sababli ushbu davlatlarda berilgan diplomlar O‘zbekistonda “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizom” asosida — ya’ni belgilangan tartib bo‘yicha ekspertiza orqali tan olinadi.

Bugungi kunda Global konvensiyaga 38 davlat a’zo, yana qariyb 10 mamlakat unga qo‘shilish jarayonida. A’zolar orasida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Estoniya, Litva va Moldova kabi davlatlar bor.

O‘zbekiston konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun tasdiqlangani haqida rasmiy yorliqni YUNESKO kotibiyatiga taqdim etganidan 3 oy o‘tgach to‘laqonli a’zolik kuchga kiradi.

Avvalroq Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘rtasida diplomlarning o‘zaro avtomatik tan olinishi haqidagi xabarlar rad etilgandi.