Jamiyat

Qurilish tashkilotlariga atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berildi

Qurilish tashkilotlariga atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi barcha qurilish tashkilotlariga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy rioya qilish zarurligini bildirgan ogohlantiruvchi xat yubordi.

21-noyabr kuni yo‘llangan xatga ko‘ra, prezident qaroriga muvofiq, maydoni 500 kvadrat metrdan oshadigan qurilish maydonlaridan maxsus avtotransport vositalarini yuvmasdan yo‘llarga chiqarish taqiqlanadi. Shuningdek, chang hosil bo‘lishi va tarqalishini oldini olish uchun quyidagi chora-tadbirlar majburiy hisoblanadi:

  • Qurilish jarayonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

  • Qurilish maydoniga kirish yo‘laklarida suv purkagichlar va osma yomg‘irlatgichlarni o‘rnatish;

  • Avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish uchun maxsus yuvish shoxobchalarini tashkil etish;

  • Qurilish maydonini himoya to‘siqlari, maxsus qoplamalar va materiallar bilan jihozlash.

Talablar bajarmasa, qonunchilikka muvofiq quyidagi chora-tadbirlar qo‘llaniladi:

  • Faoliyat 10 ish kunigacha to‘xtatib turish yoki belgilangan tartibda tugatish;

  • Ma’muriy javobgarlik (qonunbuzarlik, tabiiy muhitga zarar yetkazish, inspektorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik);

  • Atmosfera havosi ifloslanishi bilan bog‘liq zarar holatlarida jinoyat javobgarligi.

Milliy qo‘mita qurilish tashkilotlarini barcha talablarni so‘zsiz bajarishga chaqirmoqda.