Jahon

Rossiyada muhojir bolalarning katta qismi maktabga kira olmayapti

Rossiyada muhojir bolalarning katta qismi maktabga kira olmayapti

Rossiya ta’lim tizimiga kirishga urinayotgan muhojir bolalarning 80 foizi maktabga qabul qilinmagan. Bu haqda “Rosobrnadzor” rahbari Anzor Muzayev ma’lum qildi.

Rasmiylarning aytishicha, maktablarga faqat 19 foiz bola kirishga muvaffaq bo‘lgan — ular rus tilidan majburiy testni topshirib, ota-onalari hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirgandan keyingina o‘qishga qabul qilingan.

Sentyabr oyida o‘tkazilgan majburiy testlarda 5 940 nafar xorijlik bola ishtirok etgan bo‘lib, shundan 2 964 nafari (deyarli 50 foizi) imtihondan o‘tgan. Ammo bu ko‘rsatkich maktabga hujjat topshirgan umumiy muhojir bolalarning atigi 12,6 foizini tashkil etadi.

Muzayev bu borada tizimli tahlil boshlangani haqida ma’lum qildi:

“Bolalar va maktab o‘rtasidagi vaziyat qanday? O‘qituvchilar uchun nima o‘zgardi? Umuman vaziyat qay tarzda rivojlanmoqda — bularni o‘rganishni boshladik”, — dedi u.

Testlar nega majburiy?

Xorijlik bolalar uchun rus tili bo‘yicha majburiy testlash 2025-yil aprelida joriy etilgan. Test murakkabligi bola qaysi sinfga o‘qishga kirishiga qarab belgilanadi. Qonun, hatto ona tili rus tili bo‘lgan, ammo chetdan kelgan oilalarning farzandlarini ham qisman qamrab oladi.

Mutaxassislarning fikricha, ikki asosiy muammo mavjud:

  • ota-onalarning hujjatlarni rasmiylashtirishda qiynalishi;
  • bolalarning rus tilini yetarli darajada bilmasligi.

Natijada, ko‘plab muhojir bolalar Rossiya ta’lim tizimiga kira olmayapti.