Siyosat

Komil Allamjonov AQShda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining vakili etib tayinlandi

Komil Allamjonov AQShda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining vakili etib tayinlandi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili etib tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining farmoyishiga muvofiq, Komil Ismoilovich Allamjonov maslahatchi-vakil — Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga tayinlandi.

Shu bilan birga, Komil Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining maslahatchisi sifatidagi faoliyatini ham davom ettiradi.

Bundan avval Jorj Vashington universiteti huzuridagi Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES)ning Markaziy Osiyo dasturi (CAP) janob Komil Allamjonovning mazkur dasturning maxsus maslahatchisi etib tayinlanganini e’lon qilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi

Tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi — Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi kiritilishi haqida xabar berilgan edi. Prezidentning 12-noyabrdagi farmoniga ko‘ra, maslahatchi-elchini tayinlash va lavozimdan ozod etish, shuningdek uning faoliyati reglamentini tasdiqlash Prezident administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.

Maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida Prezident administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.

Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • O‘zbekiston va AQShda yirik va strategik investitsiya hamda savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha bevosita tashabbus ko‘rsatish va muhokama olib borish;
  • O‘zbekiston tomonidan Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ishini kompleks muvofiqlashtirish.

Farmonga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi xodimlari shtat birligini ko‘paytirish to‘g‘risida taklif kiritishi lozim.

Bir oy muddatda AQSh hududida qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasi ishlab chiqiladi. Bunda geografik qamrovni ta’minlash maqsadida AQShning asosiy transport va iqtisodiy markazlari, shuningdek vatandoshlar diasporasi ko‘p joylashgan hududlar (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlari) inobatga olinadi.

Shuningdek, AQShning barcha shtatlarida yashayotgan o‘zbek diasporalari bilan samarali hamkorlik modelini ishlab chiqish va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish — AQShda yangidan tashkil etilayotgan konsulliklarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilab qo‘yilgan.