Hodisa

Turkmanistonda ikkita suv ombori butunlay qurib qoldi

Turkmanistonda ikkita suv ombori butunlay qurib qoldi

Turkmanistonning Bolqon viloyatida Mammetko‘l va Delili suv omborlari butunlay qurib qoldi. Bu haqda “Meteojurnal” xabar berdi.

Qurg‘oqchilik va suv yetishmasligi sababli yuzaga kelgan vaziyat 2024/2025-yillarning sovuq mavsumida yog‘ingarchilikning kamligi hamda Etrek daryosidan suv kelishining to‘xtashi bilan bog‘liq.

  • 2024-yil noyabr oyida Mammetko‘l maydoni 3,26 km², Delili esa 0,2 km² edi.
  • 2025-yil mart oyiga kelib, Mammetko‘l maydoni 2,5 km² ga qisqardi, Delili esa 0,08 km² ga tushdi.
  • May oyida Mammetko‘l maydoni 0,65 km² ga kamayib, Delili butunlay quridi.
  • Iyun boshiga kelib, Mammetko‘l ham to‘liq qurib qoldi.

Mammetko‘l suv ombori 1964-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy sig‘imi 20,5 million kub metr, foydali hajmi 17,9 million kub metrni tashkil etadi. Delili esa 1970-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, uning umumiy va foydali hajmi 5,32 million kub metrga teng.

Etrek meteostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning faqat fevral va mart oylarida yog‘ingarchilik me’yorda bo‘lgan, qolgan oylarda me’yor sezilarli darajada past bo‘lgan. Masalan, yanvar oyida atigi 1,6 mm, may oyida 1,4 mm yomg‘ir yog‘gan. Iyun-avgust oylarida yomg‘ir umuman tushmagan, kuz fasli ham quruq kechgan.

Yog‘ingarchilik kamayishi natijasida Amudaryo havzasiga kirmaydigan suv havzalari va daryolarda gidrologik qurg‘oqchilik kuchaydi. Bu Murg‘ob va Tajan suv omborlarida suv hajmining keskin kamayishiga olib keldi. Shu bilan birga, Atrek daryosi bilan to‘yinadigan sun’iy suv havzalari ham to‘liq qurib qoldi. Kuz fasliga kelib, Amudaryo havzasidagi suv omborlarida ham suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan.