G‘azo gumanitar jamg‘armasi (GHF) to‘qqiz oy faoliyat yuritgach, o‘z missiyasini yakunlaganini e’lon qildi. AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, biroq Falastin hududidagi tinch aholining o‘limiga hissa qo‘shgani uchun tez-tez tanqid ostiga olingan tashkilot faoliyatining tugatilgani haqida Daily Sabah xabar berdi.
Jamg‘arma bayonotida:
“GHF sektorda yashovchi tinch aholiga 187 milliondan ortiq bepul ovqat yetkazib berib, favqulodda missiyasini muvaffaqiyatli yakunladi”, — deyiladi.
GHF Ijrochi direktori Jon Akri tashkilot faoliyati maqsad amalga oshirilgani uchun to‘xtatilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma modeli hozirda boshqa xalqaro tuzilmalar tomonidan o‘zlashtirilmoqda va kengaytirilmoqda.
Tanqidlar va bahslar
GHF BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi — UNRWA o‘rniga AQSH va Isroil tomonidan tuzilgan edi. Biroq jamg‘arma yordam yetkazish bo‘yicha kelishilgan ko‘rsatkichlarga erisha olmagani uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqidlarga uchradi.
Yordam olish uchun GHF punktlariga kelgan ko‘plab falastinliklar halok bo‘lgani aytiladi. Bir qator gumanitar tashkilotlar jamg‘armani:
- tinch aholining og‘irini yengillashtirish o‘rniga ularning o‘limiga sabab bo‘layotgani,
- hamda Isroilning harbiy maqsadlariga xizmat qilayotgani
bilan ayblab kelgan.
G‘azodagi umumiy vaziyat
Xabar qilinishicha, Isroilning 2023-yil oktabridan beri G‘azodagi hujumlari qariyb 70 ming kishining — aksariyati ayollar va bolalar — o‘limiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, 170 900 dan ortiq kishi jarohatlangan.
10-oktyabr kuni e’lon qilingan sulhga ko‘ra, G‘azoga har kuni 600 ta yuk mashinasi gumanitar yordam kiritilishi kerak edi. Biroq Isroil kelishuvga amal qilmayotgani, otashkesimdan buyon deyarli har kuni hujumlar sodir etib, kamida 342 falastinlikni o‘ldirgani qayd etilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!