CITES CoP20 — yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari bilan xalqaro savdo bo‘yicha konvensiyaning 20-yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy Ramsar strategiyasining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rais o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ramsar konvensiyasi bosh kotibi Musonda Mumba, Germaniya Federal atrof-muhit vazirligi vakillari, GIZ rahbariyati va boshqa xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning birinchi Milliy Ramsar strategiyasi taqdim qilinib, u botqoqlik hududlarini asrash, ulardan oqilona foydalanish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga qaratilgan muhim hujjat ekani ta’kidlandi.
Botqoqlik ekotizimlarining ahamiyati alohida qayd etildi. Ular iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, bioxilma-xillikni saqlash, suv resurslarini boshqarish hamda tabiiy xavf-xatarlarni kamaytirishda katta rol o‘ynaydi. Ammo global iqlim o‘zgarishlari bu hududlarning tez yemirilishiga olib kelayotgani bois, ularni himoya qilish bugungi kunda yanada dolzarb sanaladi.
Tadbirda O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yutuqlari ham esga olindi:
— mamlakatning 2001-yilda Ramsar konvensiyasiga qo‘shilgani;
— 2020-yilda Markaziy Osiyo Ramsar tashabbusiga a’zo bo‘lgani;
— “Sudochye ko‘llar tizimi” Ramsar hududi uchun boshqaruv rejasi ishlab chiqilgani.
Strategiya GIZ tomonidan Germaniya Federal atrof-muhit vazirligi buyurtmasi asosida DIAPOL loyihasi va O‘zbekistonning Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamkorligida tayyorlangan.
Tadbir Milliy Ramsar strategiyasining rasmiy boshlanishi bo‘lib, O‘zbekistonning tabiatni muhofaza qilish va botqoqlik hududlarini barqaror boshqarish bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi. Taqdimotdan so‘ng panel muhokamasi va savol-javob sessiyasi o‘tkazildi.
Yakunida GIZ tomonidan Ekologiya milliy qo‘mitasiga botqoqlik ekotizimlarini monitoring qilish uchun zarur uskunalar topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!