Jahon

Boyqo‘ng‘irda avariya: Rossiyaning navbatdagi odamli parvozlari xavf ostida qoldi

Boyqo‘ng‘irda avariya: Rossiyaning navbatdagi odamli parvozlari xavf ostida qoldi

Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir kosmodromida 27-noyabr kuni “Soyuz MS-28” kemasi uchirilganidan so‘ng texnik avariya yuz berdi. Bu haqda The Insider xabar berdi.

Parvozdan keyingi tekshiruvlarga ko‘ra, raketaning birinchi bosqich dvigatelidan chiqqan kuchli gaz oqimi 31-maydonchadagi 6-uchirish majmuasining bir qismini – xizmat ko‘rsatish kabinasini shikastlagan.

Ushbu harakatlanuvchi texnik konstruksiya raketaning pastki qismi bilan bog‘liq muhim ishlar, jumladan kommunikatsiyalarni ulash va dvigatellarni ishga tushirishga tayyorlash vazifasini bajaradi.

Avariya natijasida ekipaj a’zolari jarohat olmagan. Biroq start majmuasi jiddiy zarar ko‘rgan: reaktiv oqim kabel-yonilg‘i ustunlaridan birini ham uzib ketgan. Ma’lum qilinishicha, Rossiyada odamli parvozlar uchun boshqa zaxira uchirish maydonchalari mavjud emas, qolganlari faqat yuk tashish missiyalari uchun mo‘ljallangan.

Mutaxassislar start inshootini tiklash ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirmoqda. “Roskosmos” esa zararni “yaqin vaqt ichida” bartaraf etish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.