O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze Indoneziyaga tashrifi chog‘ida mamlakatning “Garuda” sport telekanaliga intervyu berib, o‘z faoliyatidagi so‘nggi o‘zgarishlar va safari maqsadi haqida gapirdi.
Kapadzening aytishicha, Indoneziyaga borishi murabbiylik faoliyati bilan bog‘liq emas — u bu safarga mehmon sifatida taklif qilingan va mamlakat madaniyati bilan tanishishni maqsad qilgan. U 2007-yilgi Osiyo Kubogi doirasida Jakartada o‘tkazilgan chorak final o‘yini chog‘ida bu shaharga ilk bor tashrif buyurganini esga oldi.
U terma jamoani tark etishiga oid vaziyatlarga ham to‘xtalib, muxlislarning mahalliy murabbiy Jahon chempionatiga olib borishi kerakligi haqidagi qarashlari unga ruhiy ko‘mak bo‘lganini ta’kidladi. Biroq rahbariyat tajribali murabbiyni jalb qilishni ma’qul topgan. Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlangach, Kapadze yangi murabbiyga moslashish jarayonida yordam berishga rozi bo‘lganini, ammo zarurat tug‘ilganda boshqa joyda faoliyatini davom ettirishga tayyorligini bildirganini aytdi.
44 yoshli mutaxassis intervyuda o‘z murabbiylik falsafasi haqida ham so‘z yuritdi. U to‘p nazorati, hujumkor o‘yin, pressing va tezkorlikka asoslangan yondashuvni afzal ko‘rishini qayd etdi. Shuningdek, yosh futbolchilarni tarbiyalash jarayonida Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayev kabi o‘yinchilarga tajriba berganidan faxrda ekanini aytdi.
Kapadzening ta’kidlashicha, jamoada balans saqlanishi, himoya va hujum o‘rtasida muvozanat bo‘lishi zamonaviy futbolning asosiy tamoyillaridan biridir. U Pep Gvardiola, Yurgen Klopp va Luis Enrike kabi murabbiylarning uslublarini muntazam o‘rganib borishini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Temur Kapadze 2025-yil yanvaridan 6-oktyabrgacha O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan. Uning boshchiligida terma jamoa 9 ta o‘yinning 5 tasida g‘alaba qozongan, 4 tasida durang qayd etgan. Keyinchalik u Fabio Kannavaroga yordamchi sifatida ishlagan, ammo 10-noyabr kuni murabbiylar shtabidan ketgani e’lon qilingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!