Jahon

Maduroning Turkiyaga surgun qilinishi ehtimoli haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

Maduroning Turkiyaga surgun qilinishi ehtimoli haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

The Washington Post yozishicha, AQSH bilan munosabatlar yanada keskinlashayotgan bir paytda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uchun Turkiyaga surgun qilinish varianti ko‘rib chiqilmoqda. Manbalarga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Maduro oldiga ikki yo‘l qo‘ymoqchi: siyosiy maydonni ixtiyoriy tark etish yoki kuch bilan chetlatilish xavfi.

Turkiya eng ehtimoliy manzil sifatida tilga olinmoqda. Chunki Maduro va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida yaqin siyosiy aloqalar mavjud. Erdo‘g‘on Maduroni 2024-yildagi bahsli saylov natijasidan so‘ng birinchilardan bo‘lib tabriklagan edi. Maduro esa uni bir necha bor “akam” deb atagan.

Xabarlarga ko‘ra, surgun varianti Maduroni AQSHga ekstraditsiya qilinmasligiga kafolat berishni ham nazarda tutadi. AQSH uni giyohvand moddalar savdosi va korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun 50 million dollarlik mukofot e’lon qilgan.

Ekspertlar Rossiya, Eron yoki Kubani Maduroning xavfsiz manzili sifatida ko‘rmayapti — bu davlatlar uni siyosiy savdolashuv vositasiga aylantirishi mumkinligi aytilmoqda. Turkiya esa Venesuela bilan faol iqtisodiy hamkorlik qilgan, xususan, Venesuela oltini Turkiyada qayta ishlangan.

Anqara so‘nggi yillarda yirik geosiyosiy muzokaralar maydoniga aylanishni maqsad qilgan: Ukraina bo‘yicha uchrashuvlar, G‘azo bo‘yicha tashabbuslar — shular jumlasidan. Erdo‘g‘on uchun asosiy maqsadlardan biri Turkiyani yana F-35 loyihasiga qaytarish bo‘lib turibdi. Bu yo‘nalishdagi diplomatik yordam unga AQSH bilan muzokaralarda qo‘shimcha imkoniyat yaratishi mumkin.