Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida Moskva–Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan VanHool rusumli avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avtobusda jami 54 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 30-noyabr kuni soat 21:00 da Rossiya Federatsiyasi – Aqto‘be – Qizilo‘rda – Olmaota avtomobil yo‘lida yuz bergan. Yaxshi tomoni shundaki, avariya oqibatida hech kim jarohat olmagan va halok bo‘lmagan.
Yo‘lovchilar favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya tomonidan Aytekebi tumani, Qorabutoq qishlog‘idagi masjidga vaqtincha joylashtirildi. Ularga oziq-ovqat va zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. Fuqarolarni O‘zbekistonga boshqa avtobus orqali qaytarish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Vaziyat O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulligi nazoratida bo‘lib, Qozog‘istonning mas’ul tashkilotlari bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan.
Shuningdek, O‘zbekistondan vaqtinchalik mehnat faoliyati uchun xorijga ketayotgan fuqarolarni hayoti, sog‘lig‘i va boshqa xavf-xatarlardan sug‘urta qilish tizimini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!