O‘zbekiston U-17 terma jamoasini Osiyo chempionligiga olib chiqqan va Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 1/8 finalga qadar yetaklagan Islombek Ismoilov Farg‘onaning “Neftchi” klubi bosh murabbiyiga aylandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
33 yoshli mutaxassis klubni tark etgan Vitaliy Levchenkoning o‘rnini egallaydi.
Hokimlik xabarida ta’kidlanishicha, Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolning eng istiqbolli murabbiylaridan biri sifatida tanilgan. Uning boshchiligidagi U-17 terma jamoasi intizom, zamonaviy o‘yin uslubi va xarakter bilan xalqaro maydonda munosib ishtirok etgani qayd etilgan.
Yangi murabbiy oldiga chempionlikni saqlab qolish, Elit Osiyo Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli qatnashish va jamoaning barqaror rivojini ta’minlash vazifalari qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, Islombek Ismoilov avval “Yozyovon” va “Turon” klublarida ishlagan. 2022–2025-yillarda esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini boshqargan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!