Ekologiya vazirligi binosida Toshkent havo sifati yuzasidan Maxsus komissiya yig‘ilishi boshlandi. Yig‘ilishga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raislik qilmoqda.

Majlisda Toshkent shahri hokimi Umurzoqov, Toshkent viloyati hokimi Mirzayev, Ekologiya qo‘mitasi raisi Abduhakimov va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hisobot bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, havo sifati bilan bog‘liq vaziyat Prezident Administratsiyasi rahbari nazoratida va muammoni tizimli hal etish eng ustuvor masalalardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
TOSHKENT HAVOSI SIFATINI YAXSHILASH BO‘YICHA ANIQ VAZIFALAR BELGILANDI
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Maxsus komissiya yig‘ilishida havoni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar aniq muddatlarga ega bo‘lishi va izchil davom ettirilishi lozimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, kelasi yilda bunday holat takrorlanmasligi kerak.
Yig‘ilishda taklif etilgan chora-tadbirlar keng ko‘lami ko‘rib chiqildi. Jumladan, yashil hududlarni ko‘paytirish uchun ekiladigan daraxt turlari va joylari, ariqlar tizimini qayta tiklash, issiqxonalar hamda sanoat korxonalaridan chiqayotgan zararli moddalarni kamaytirish kabi vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Toshkent va Toshkent viloyatida mavjud yashil zonalarni saqlash hamda ko‘paytirish eng muhim masala ekanini qayd etdi. U poytaxt va viloyat hokimlaridan ushbu yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar yuzasidan muntazam hisobot berib borishni talab qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!