Yangiliklar

Toshkentni qoplagan quyuq tuman sabablari aytildi

Toshkentni qoplagan quyuq tuman sabablari aytildi

Keyingi paytda Toshkent va respublikaning boshqa hududlarida kuzatilayotgan quyuq tuman sovuq antisiklon ta’sirining kuchayishi bilan bog‘liq ekani ma’lum qilindi.

Maxsus komissiya xabariga ko‘ra, 29-noyabrdan boshlab hududda sovuq antisiklon faoliyati ortib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu jarayon 5-dekabrgacha davom etishi prognoz qilinmoqda.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, davomli inversiya — ya’ni havo qatlamlarining tik harakatlanmasligi — natijasida chang, tutun va mayda zarrachalar yerga yaqin qatlamlarda to‘planib qolmoqda.

Bu esa havodagi zarracha konsentratsiyasining oshishiga va ayniqsa ertalabki soatlarda quyuq tuman ehtimolining kuchayishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, havoni ifloslanishga sabab bo‘layotgan omillar bo‘yicha ham tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Noqonuniy qurilish obyektlari aniqlanib, ayrimlarining faoliyati to‘xtatilgan. Atrof-muhitga zarar yetkazayotgan holatlar bo‘yicha mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgani bildirilgan.