Jahon

G‘azodagi navbatdagi aviatsiya hujumi oqibatida 7 falastinlik halok bo‘ldi

G‘azodagi navbatdagi aviatsiya hujumi oqibatida 7 falastinlik halok bo‘ldi

Isroil harbiylari 3-dekabr kuni G‘azo sektoriga yana bir bor havo zarbalarini amalga oshirdi. Al Jazeeraning ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida ikki bola hamda besh nafar fuqaro halok bo‘lgan, jami 7 kishi vafot etgan, 32 nafar odam tan jarohati olgan.

Otashkesim yana buzildi

Mazkur zarba AQSH vositachiligida tuzilgan sulh kelishuvining 591-marta buzilishiga sabab bo‘ldi. Isroil tomoni hujumni HAMAS jangarilari tomonidan to‘rt nafar yahudiy askar o‘ldirilganiga javob sifatida amalga oshirilganini bildirgan.

Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida Zaytun mahallasida halok bo‘lgan ikki nafar falastinlik ham bor. al-Mavosiy lageriga qilingan zarba oqibatida esa besh kishi vafot etgan, lagerdagi bir nechta chodir yonib ketgan.

Fuqarolik mudofaasi vakili Mahmud Basalning so‘zlariga ko‘ra:

“al-Mavosiyda raketa zarbasi oqibatida ikki bola bilan birga besh nafar fuqaro halok bo‘ldi, bir qancha odam, jumladan, og‘ir yaralanganlar ham bor”.

Kuvayt kasalxonasidagi manbalar halok bo‘lgan bolalar 8 va 10 yoshda bo‘lganini qayd etgan. WAFA agentligi jabrlanganlarning ayrimlari og‘ir kuyish olganini bildirgan.

Xalqaro vositachilar va ayblovlar

HAMAS mazkur hujumni “sulh shartlarini mensimaslik” deb baholab, Misr, Qatar va AQSHni Isroilni tiyib turishga chaqirgan.

G‘azo rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, sulh 10-oktyabrda kuchga kirganidan beri Isroil kuchlari uni kamida 591 marta buzgan, natijada 360 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 922 kishi yaralangan.

Isroil harbiylari 3-dekabr kuni Xalqaro Qizil Xoch orqali HAMAS tomonidan yuborilgan ikki jasadni qabul qilib olganini tasdiqlagan. Bunga qadar Netanyaxu qaytarilgan jasad qoldiqlari halok bo‘lgan askarlarga mos kelmasligini aytgan edi.

Oktyabrdan buyon HAMAS taxminan 2 000 nafar falastinlik mahbus evaziga 20 tirik asir va 26 jasadni qaytargan.