Migratsiya agentligi Janubiy Koreyada E-7 va E-9 vizalari asosida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik ishchilarni ogohlantirdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim fuqarolar rasmiy ish joyini tashlab, norasmiy mehnat faoliyatiga o‘tayotgani kuzatilmoqda. Bu esa ularning huquqiy maqomiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Ruxsatsiz ish joyini o‘zgartirish oqibatlari
Qonunchilikka ko‘ra, o‘z-o‘zidan ishdan bo‘shab ketgan yoki bo‘shatilgan fuqaro:
-
1 oy ichida — ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi;
-
3 oy ichida — yangi ish beruvchi topib, rasmiy mehnat shartnomasini tuzishi shart.
Ushbu muddatlarga amal qilinmasa, fuqaro:
-
katta miqdorda jarimaga,
-
noqonuniy migrant maqomiga,
-
deportatsiyaga duch kelishi mumkin.
Migratsiya agentligi bilan tuzilgan shartnomalarda ham ish joyini kelishuvsiz tark etmaslik qat’iy belgilangan.
Jarimalar va cheklovlar
Joriy yilda uch tomonlama shartnomani buzgan 20 nafar fuqaro umumiy hisobda 660 million so‘m jarimaga tortildi. Deportatsiya qilingan fuqarolar esa davlat tomonidan berilgan barcha imtiyoz va xarajatlarni to‘liq qaytarishi lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, ular 1 yil davomida tashkiliy tartibda chet elga yuborilmaydi.
Firibgarliklar haqida ogohlantirish
Janubiy Koreyaning mehnat migratsiyasi bo‘yicha ballik tizimi — SPAS bazasida ro‘yxatda bo‘lganlar ish beruvchidan shartnoma olgan bo‘lsa, bu ularning rasman tanlanganini anglatadi. Kimdir “shartnoma olishga yordam beraman” deya pul talab qilsa, u firibgar hisoblanadi.
Qo‘shimcha eslatma
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga Qozog‘iston orqali Rossiyaga ketayotganda davlat chegarasidan o‘tishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish eslatib o‘tilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!