Iqtisod

So‘m mustahkamlanishi iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Markaziy bank izoh berdi

So‘m mustahkamlanishi iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Markaziy bank izoh berdi

O‘zbekiston Markaziy banki “Inflyatsion targetlash rejimida suzuvchi valyuta kursining ahamiyati” mavzusida xalqaro davra suhbatini o‘tkazdi. Unda milliy valyutaga ishonchni mustahkamlash, pul bozori shaffofligi va barqarorligini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalar ko‘rib chiqildi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov valyuta kursidagi joriy tendensiyalar, so‘m qadri mustahkamlanishining sabablari va uning iqtisodiyotga ta’siri haqida ma’lumot berdi.

“Valyuta kursini bozor belgilaydi”

Mutasaddining ta’kidlashicha, inflyatsion targetlash sharoitida Markaziy bank almashuv kursi bo‘yicha qat’iy maqsad qo‘ymaydi. Kurs bozor talab va taklifi asosida shakllanadi.

“Biz so‘m kursi bo‘yicha ma’lum bir darajani belgilamaymiz. Valyuta bozorida ‘narxni qabul qiluvchi’, pul bozorida esa ‘narxni belgilovchi’ sifatida ishtirok etamiz”, — dedi Ochilov.

Markaziy bankning valyuta bozoridagi intervensiyalari faqat “neytrallik” tamoyiliga asoslanadi, ya’ni — yil davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingan monetar oltin hajmi doirasida.

So‘m tebranishi — xavf emas, moslashuvchanlik belgisi

2025-yil boshidan buyon so‘m dollar kursiga nisbatan 7 foizdan ortiq mustahkamlandi. Ochilovning aytishicha, tebranuvchanlik bozorning erkinlashganidan dalolat beradi.

“Export tushumlari oshdi, import o‘sish sur’ati me’yorlashdi, xorijiy investitsiyalar va pul o‘tkazmalari ko‘paydi. Shu omillar so‘mning mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi”, — dedi u.

So‘m qadrining oshishi nimalarga ta’sir qildi?

1. Import inflyatsiyasi pasaydi

So‘mning mustahkamlanishi import qilinadigan tovar va xizmatlar narxini pasaytirib, umumiy inflyatsiya darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

— Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi 5,8 foizgacha qisqardi.
— Inflyatsion kutilmalar ikki baravar kamaydi.

2. Dollarizatsiya qisqarmoqda

Milliy valyutaga ishonch ortgani sababli:

  • aholi va biznes kreditlari,

  • banklardagi depozitlar

bo‘yicha dollarizatsiya darajasi pasayishda davom etmoqda.

3. Tashqi qarz yukiga bosim kamaydi

So‘m mustahkamlanishi davlatning xorijiy kreditlar bo‘yicha to‘lov xarajatlarini sezilarli kamaytirdi.

Shuningdek:

  • xususiy sektorning tashqi qarz xizmatiga xarajatlari qariyb 5 foizga qisqardi.