Buyuk Britaniyaning London shahrida o‘tayotgan London Chess Classic 2025 turnirida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Emirates Stadium majmuasida o‘tkazilayotgan, mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingni tashkil etuvchi nufuzli musobaqada dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi ishtirok etmoqda.
Abdusattorov birinchi turda britaniyalik Gavayn Jons bilan durang o‘ynaganidan keyin ketma-ket olti g‘alabaga erishdi. U quyidagi raqiblarni mag‘lub etdi:
-
Mishra Abximanyu (AQSH)
-
Nikita Vityugov (Angliya/Rossiya)
-
Maykl Adams (Buyuk Britaniya)
-
Nikolas Teodoru (Gretsiya)
-
Sem Shenklend (AQSH)
-
Lyuk Maksheyn (Buyuk Britaniya)
Sakkizinchi turda fransiyalik Alireza Firuzja bilan durang qayd etgan Abdusattorov 8 tur yakuniga ko‘ra 7 ochko jamg‘ardi va musobaqa yakunlanishiga bir tur qolganda g‘oliblikni rasmiylashtirdi. Eng yaqin ta’qibchi Firuzja esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Shu tariqa Nodirbek Abdusattorov London Chess Classic 2025 musobaqasida so‘nggi turga qadar chempionlikni qo‘lga kiritgan shaxmatchiga aylandi.
Grossmeyster FIDE Jahon kubogidagi omadsiz natijadan so‘ng 18,4 reyting ochkosini yo‘qotgan bo‘lsa, ushbu turnirdagi g‘alaba natijasida reytingini 20 ochkoga oshirdi va onlayn reytingda 22-o‘rindan 12-o‘ringa ko‘tarildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!