O‘zbekiston

O‘zbekistonda 11 mlrd dollarlik 42 ta energetika va infratuzilma loyihasi ishga tushirildi

O‘zbekistonda 11 mlrd dollarlik 42 ta energetika va infratuzilma loyihasi ishga tushirildi

5-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlarini ishga tushirish hamda navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimida qatnashdi. Tadbirda umumiy qiymati qariyb 11 milliard dollar bo‘lgan 42 ta loyiha ishga tushirildi, yana 21 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish boshlangan.

3 500 MVt quvvatga ega 16 ta stansiya ish boshladi

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 3,3 mlrd dollar bo‘lgan, jami 3 500 MVt quvvatga ega quyosh, shamol, issiqlik va gidroelektrostansiyalar ishga tushirilgan. Ular to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Natijada kelasi yilda O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 mlrd kVt/soatga yetadi va aholining yillik ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi.

Toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi 7 mlrd kub metrga kamayadi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi 11 mln tonnaga qisqaradi.

“Bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishga xizmat qilib, kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Biz zamonaviy energetika tizimini to‘liq barpo etamiz”, — dedi prezident.

Xalqaro hamkorlarning keng ishtiroki

Tadbirda BAA, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘iziston energetika vazirlari, shuningdek Jahon banki, YeTTB, Osiyo taraqqiyot banki, AIIB, ITB va boshqa moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, ACWA Power, Masdar, China Energy, Datang, Poly, CNTIC, EDF, TotalEnergies, Siemens Energy, Nebras Power kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari ham qatnashdi.

Energiya saqlash tizimlari va yangi ishlab chiqarish korxonalari

Ishga tushirilgan obyektlar orasida quvvati 1 245 MVt bo‘lgan 10 ta energiya saqlash tizimi ham bor. Ular tig‘iz soatlarda qo‘shimcha 1,5 mlrd kVt/soat energiyani tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Bundan tashqari, 11 ta yirik podstansiya hamda 420 km yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Yangi tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari:

  • “Angren Energo” – yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradi;

  • Uzhydropower – yiliga 155 ta gidro-agregat tayyorlaydi.

Davlat rahbari ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi muhim bosqich ekanini ta’kidlab, mamlakatga yirik sarmoyalar kiritayotgan va ilg‘or texnologiyalarni olib kelayotgan barcha xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.