Jamiyat

O‘zbekistonda 6 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik loyihasiga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi

O‘zbekistonda 6 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik loyihasiga 2 trln so‘m yo‘naltiriladi

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Farmonga ko‘ra, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash markazlari faoliyatini kengaytirish hamda 2026–2027-yillarda “HAMROH” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi orqali quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

  • 6 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m ajratiladi;

  • 2,8 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka o‘qitiladi;

  • 2 ming nafar xotin-qizning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik asosida ko‘mak beriladi.

Shuningdek, tuman va shahar hokimliklari tasarrufidagi ayrim markazlar tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping hamda kasbga o‘qitish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritish uchun ijaraga beriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga 64,34 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 95,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, sud tizimida gender tenglikni mustahkamlash maqsadida Odil sudlov akademiyasiga qabulda xotin-qizlar uchun alohida kvota joriy etish va Ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surilgan.