Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida cho‘chqa boqib, havoni ifloslantirib kelgan tadbirkorga nisbatan huquqiy choralar ko‘riladigan bo‘ldi. Bu holat mahalla aholisi va jamoatchilik murojaatlaridan so‘ng ochiqlangan.

Tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda “Ismoil Zaxro” MCHJ chorva uchun yem tayyorlash maqsadida avtomobil ballonlarini yoqib, atrof-havo sifatini yomonlashtirayotgani aniqlangan. Bu hudud Samarqand shahrining “Super” mahallasiga yaqin joylashgani bois, shahar aholisi ham tutundan aziyat chekkan.

Hokim o‘rinbosari Aziz G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor 40 sotix maydonni to‘liq yopib olib, bir necha oy davomida ishchi guruhlarni ichkariga kiritmagan. 3-dekabr kuni barcha mutasaddi tashkilotlar jalb etilgan o‘rganish jarayonida 2 yildan buyon yashirin ravishda cho‘chqa boqib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Viloyat ekologiya boshqarmasi ham tadbirkor hayvonlarga ozuqa tayyorlash uchun tunda mashina shinlarini yoqqanini tasdiqladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, korxona bu turdagi faoliyat uchun ekologiya va sanitariya organlaridan ruxsat olmagan.
Shuningdek, MCHJning moliyaviy ko‘rsatkichlari ham e’tiborni tortdi:
-
2024-yilgi rasmiy aylanma — 400 ming so‘m;
-
2025-yilda — 1 mln so‘m;
-
Soliq qarzdorligi — 60 mln so‘mdan ortiq.
Tuman hokimligi noqonuniy faoliyat to‘xtatilganini, tadbirkorga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 24–28-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan ekologik reydlar davomida 67 ta issiqxona faoliyati va 34 ta qurilish obyektining ishlashi vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!