Oxirgi uch yil ichida Oʻzbekistonda muomaladagi bank plastik kartalari soni ikki baravar ko‘paydi. To‘lov terminallari soni sekin kamayib borayotgan bo‘lsa, bankomatlar va infokiosklar keskin ortmoqda.
Joriy yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, muomalada 63,64 million dona bank kartasi mavjud. Taqqoslash uchun:
- 2022-yil oktyabr — 31,8 mln karta,
- 2023-yil oktyabr — 41,3 mln,
- 2024-yil oktyabr — 53,6 mln.
Bu so‘nggi uch yilda kartalar soni qariyb ikki baravar oshganini ko‘rsatadi.
Terminallar kamaygan, lekin ular orqali to‘lovlar ortgan
Oktyabr oyi boshida O‘zbekistonda o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 430,2 mingtani tashkil etdi. Bu:
- 2024-yilga nisbatan 6 mingta,
- 2023-yilga nisbatan 900 ta ko‘p.
Ammo 2022-yil (432,2 ming) va 2021-yil (taxminan 435 ming) ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda, terminallar soni kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Shunga qaramay, terminallar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi oshgan:
- 2025-yil (yanvar–oktyabr) — 318,2 trln so‘m,
- 2024-yil — 237,5 trln so‘m,
- 2023-yil — 181,5 trln so‘m.
Bankomatlar soni ikki baravar ko‘paydi
Respublikada bankomat va infokiosklar soni uch yilda ikki baravar oshgan:
- 2022-yil — 19,3 mingta,
- 2025-yil oktyabr — 38,1 mingta.
Bu ko‘rsatkich naqd pulga bo‘lgan talab, shuningdek, kartalardan faol foydalanish ortib borayotganini anglatadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!