Falastinning HAMAS harakati Isroil bilan ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish doirasida 5, 7 yoki 10 yillik sulh yoki uzoq muddatli tinchlik bitimi bo‘yicha muzokara olib borishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda harakat siyosiy byurosi a’zosi Basem Naim Associated Press’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Naimning aytishicha, gap AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini yakunlash hamda yakunda mustaqil Falastin davlatini yaratish jarayonini boshlash haqida bormoqda. Shu davr mobaynida HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik bitimi tuzishga rozi bo‘lishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harakat muzokaralar vaqtida vaziyatning keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “har tomonlama yondashuv”ni qo‘llashga tayyor. HAMAS hatto “qurollarni topshirish yoki muzlatish” variantlarini ham ko‘rib chiqishi mumkinligini bildirgan, biroq tafsilotlar oshkor etilmagan.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha ishonchli mexanizmlar yaratish zarurligi ta’kidlangan. Bunday kelishuvlar falastinliklarga hujum qilinganda o‘zini himoya qilish imkonini berishi kerakligi qayd etilgan.
Avvalroq, Al Arabiya manbalariga tayanib, G‘azodagi tomonlar va vositachilar HAMAS qurolsizlantirilishiga oid dastlabki qadamlar, jumladan og‘ir qurollarni olib qo‘yish masalasida kelishuvga erishgani xabar qilingandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 9-oktyabr kuni HAMAS va Isroil Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida Tramp taqdim etgan tinchlik rejasining birinchi bosqichiga rozi bo‘lgan. 10-oktyabrdan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirgan. Buning ortidan Isroil qo‘shinlari “sariq chiziq”ga chekindi va hududning yarmidan ortig‘ini nazorat qilishda davom etdi. 13-oktyabr kuni HAMAS 20 nafar isroillik garovdagilarni ozod qildi, shuningdek 4 nafar halok bo‘lgan asirlarning jasadini topshirdi.
5-dekabr holatiga ko‘ra, G‘azoda 2023-yil 7-oktyabr voqealarida halok bo‘lgan yana bir isroillik harbiyning jasadi qolmoqda.
Axios manbalari xabariga ko‘ra, Donald Tramp 25-dekabrgacha tinchlik rejasining ikkinchi bosqichi — Isroil qo‘shinlarini anklavdan olib chiqish, xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarni joylashtirish va “Tinchlik kengashi” kabi boshqaruv tuzilmalarini ishga tushirish — haqida rasmiy e’lon qilishni rejalashtirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!