O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev jazo muddatini o‘tayotgan, qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asoslanib 615 nafar mahkum afv etildi.
Afv choralarining taqsimoti quyidagicha:
- 220 nafar shaxs asosiy jazodan to‘liq ozod qilindi;
- 123 nafar mahkum muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi;
- 97 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo turi bilan almashtirildi;
- 175 nafar shaxsga tayinlangan jazolar muddati qisqartirildi.
Afv etilganlar orasida:
- 9 nafar chet el fuqarolari,
- 29 nafar ayol,
- 23 nafar 60 yoshdan oshgan erkak,
- 264 nafar yoshlar (shundan 2 nafari voyaga yetmagan),
- 9 nafar taqiqlangan tashkilot a’zolari bor.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida afv etilganlarni oilasi va jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!