Ilm-fan

O‘zbekistonning 38 ta universiteti UI GreenMetric 2025 reytingida top-1000 talikka kirdi

O‘zbekistonning 38 ta universiteti UI GreenMetric 2025 reytingida top-1000 talikka kirdi

O‘zbekistonning 38 ta oliy ta’lim muassasasi dunyodagi eng “yashil” universitetlar o‘rtasida o‘tkaziladigan UI GreenMetric 2025 ekologik barqarorlik reytingida top-1000 talik ro‘yxatdan joy oldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

5-dekabr kuni Tayvanda reytingning navbatdagi natijalari e’lon qilindi. Joriy yilda 105 mamlakatdan 1745 ta oliy ta’lim muassasasi baholanishda qatnashgan. O‘zbekiston nomidan esa 79 ta universitet ishtirok etgan.

Natijalarga ko‘ra, ular orasidan 38 ta OTM dunyoning eng yaxshi mingta ekologik barqaror universitetlari qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Vazirlik mazkur yutuqni mamlakatda 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani bilan uyg‘un jarayon sifatida baholab, ta’lim muassasalarining ekologik tashabbuslarda tobora faol ishtirok etayotganini qayd etdi.

Xabarga ko‘ra, UI GreenMetric 2025 natijalari O‘zbekiston universitetlarida ekologik mas’uliyat, barqaror infratuzilma va global standartlarga intilish borasida olib borilayotgan izchil ishlarning amaliy tasdig‘idir.

UI GreenMetric reytingi Indoneziya universiteti tomonidan 2010-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Uning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasalarini ekologik barqarorlik bo‘yicha rag‘batlantirish va global ilmiy jamoatchilik e’tiborini muhim ekologik muammolarga qaratishdir.