Sudanning Kordofan viloyatida bolalar bog‘chasi va tibbiyot muassasalariga qilingan hujumlar oqibatida 100 dan ortiq inson, jumladan 63 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qildi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Kordofan shtatidagi bolalar bog‘chasiga bir necha bor zarba berilgan, shuningdek, yaqin atrofdagi Kalogi qishloq shifoxonasi kamida uch marotaba nishonga olingan. Hujumlar oqibatida jami 114 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi jarohatlangan.
Gebreyesusning aytishicha, jarohatlangan bolalarni bog‘chadan shifoxonaga olib o‘tmoqchi bo‘lgan tibbiyot xodimlari va qutqaruvchilar ham hujum ostida qolgan.
JSST tinch aholi va tibbiyot infratuzilmasiga berilayotgan bunday zarbalarni keskin qoralab, zo‘ravonlikni darhol to‘xtatishga, shuningdek, insonparvarlik va tibbiy yordamga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk ham Kordofanda davom etayotgan janglar fonida yangi xunrezliklar ehtimoli ortayotganidan xavotir bildirgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 25-oktyabrda TXK Shimoliy Kordofandagi Bara shahrini egallagandan buyon havo hujumlari, artilleriya zarbalari va suddan tashqari qatllar oqibatida kamida 269 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, Al Jazeera manbalari TXK qo‘shinlari mamlakat janubidagi Sudanning eng yirik neft koni ustidan nazoratni qo‘lga olganini xabar qilgan.
TXK rahbari Muhammad Hamdan Daglo 24-noyabr kuni AQSH, Saudiya Arabistoni, Misr va BAA vositachiligi bilan taklif etilgan uch oylik sulhga rozi ekanini bildirgan bo‘lsa-da, Sudan Suveren kengashi rahbari, qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon bu tashabbusni qabul qilmayotgani aytiladi.
Mamlakatda 2023-yil 15-apreldan buyon TXK va muntazam armiya o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!