Toshkent shahrida yo‘l harakati jarayonlarini boshqarish va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan yangi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi. Bu Prezidentning “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Markazning asosiy vakolatlari
Qarorga ko‘ra, markaz quyidagi manbalardan ma’lumot olish huquqiga ega bo‘ladi:
-
vazirliklar va idoralar,
-
Toshkent shahri va viloyati hokimliklari,
-
yo‘lovchi tashuvchi korxonalar,
-
elektromobil quvvatlash stansiyalari,
-
to‘xtash joylari operatorlari,
-
mikromobil vositalari ijarasi xizmatlari,
-
boshqaruvchi kompaniyalar va boshqa muassasalar.
Markazga qo‘shimcha ravishda:
-
ayrim yo‘l uchastkalarida harakat tezligi rejimini belgilash,
-
ayrim transport turlarining, jumladan yuk mashinalarining harakatiga cheklov o‘rnatish,
-
foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlanadigan qoidabuzarliklar ro‘yxatini shakllantirish, ularga jarimalar bo‘yicha takliflar kiritish,
vakolatlari beriladi.
Intizomiy javobgarlik bo‘yicha taklif kiritish huquqi
Agar shahar yo‘l harakati bilan bog‘liq vazifalar lozim darajada bajarilmasa, markaz tegishli tashkilotlar rahbarlariga mas’ul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif berish imkoniga ega bo‘ladi.
Vakolatlar o‘tkazilishi
2026-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va IIVning ayrim vakolatlari yangi markazga o‘tkaziladi.
Markaz ushbu vakolatlardan 2028-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment doirasida foydalanadi.
Shahar transportiga oid yirik loyihalar
Prezident qarorida, shuningdek, poytaxt infratuzilmasini kengaytirishga doir quyidagi rejalar belgilangan:
-
Xitoy bankidan 271 mln dollar kredit jalb qilinadi — yo‘llarni rekonstruksiya qilish va yangi chorrahalar qurish uchun.
-
2030-yilgacha 150 ming o‘rinli to‘xtash joylari barpo etiladi.
-
Toshkent metropoliteni uzunligi 103 kilometrga yetkaziladi.
-
Piyodalar va velosiped yo‘laklari kengaytiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!