Jahon

HAMAS: Isroil G‘azoda qoidabuzarliklarni davom ettirar ekan, sulhning keyingi bosqichi boshlanmaydi

HAMAS: Isroil G‘azoda qoidabuzarliklarni davom ettirar ekan, sulhning keyingi bosqichi boshlanmaydi

Falastinning HAMAS harakati 9-dekabr kuni Isroilning G‘azoda sulh kelishuviga rioya qilmasligi tufayli o‘t ochishni to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichi boshlanmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

HAMAS vositachi davlatlarni Isroilga kelishuvga rioya qilish uchun bosim o‘tkazishga chaqirmoqda. AQSH homiyligidagi sulh kelishuvi 10-oktabrdan beri kuchda bo‘lib, u 2023-yil 7-oktabrda boshlangan HAMAS va Isroil urushiga barham bergan. Biroq tomonlar deyarli har kuni bir-birini kelishuvni buzishda ayblab, vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, 10-dekabr kuni Allenbi nazorat punkti orqali G‘azoga yordam yuk mashinalari o‘tishi uchun qayta ochiladi.

HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Husam Badron Isroilni Rafah nazorat punktini qayta ochmaslik va hududga kirib kelayotgan yordam miqdorini oshirmaslikda ayblamoqda. U vositachilar — Misr, Qatar va Qo‘shma Shtatlarni Isroilga “o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining birinchi bosqichini to‘liq yakunlash” uchun bosim o‘tkazishga chaqirmoqda.

Birinci bosqich shartlariga ko‘ra, falastinlik jangarilar hududda ushlab turilgan 48 nafar tirik va halok bo‘lgan asirlarni ozod qilishi kerak edi. Hozirgacha bitta jasaddan tashqari barcha garovdagilar ozod qilingan. Buning evaziga Isroil asirligidagi qariyb 2000 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan va yuzlab halok bo‘lgan falastinliklarning jasadlarini qaytargan. Shuningdek, birinchi bosqich G‘azoga sezilarli gumanitar yordam kirishini nazarda tutgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kelishuvning ikkinchi bosqichi tez orada boshlanishini kutayotganini aytgani bilan, Badron bu bosqichning Isroil qoidabuzarliklarini davom ettirar ekan boshlanmasligini ta’kidlamoqda.