Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda bir vaqtning o‘zida uchta yirik va hashamatli bino qurilishi davom etmoqda. NK News yozishicha, ulardan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun mo‘ljallangan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Qurilish ishlari Kimsusan mehmonlar majmuasi hududida olib borilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, har bir bino taxminan 13 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va yaqin oylar ichida yuqori darajadagi xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish uchun tayyor bo‘lishi mumkin.
Qarorgohlar bilan bir qatorda, ayni hududda Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga bag‘ishlangan yangi qabriston va muzey ham barpo etilmoqda. Loyiha 2025-yil oktyabr oxirida ishchilar uchun qurilish lageri tashkil etilishi bilan boshlangan, noyabrga kelib binolarning bir necha qavati qad rostlagan.
Rasmiy Pxenyan hozircha xorijiy yetakchilar tashrifi haqida ma’lumot bermagan. Biroq Rossiya va KXDR o‘rtasidagi yaqinlashuv fonida Putin ushbu qarorgohning asosiy ehtimoliy mehmoni sifatida ko‘rilmoqda. Ikki yetakchining so‘nggi uchrashuvi 2025-yil sentyabrda, Pekindagi harbiy parad chog‘ida bo‘lib o‘tgan edi.
Shimoliy Koreya avval ham yuqori martabali mehmonlar uchun shoshilinch tartibda hashamatli majmualar qurgan. Xususan, 2019-yilda Xi Szinpin tashrifi arafasida shunga o‘xshash rezidensiya bor-yo‘g‘i to‘rt oyda foydalanishga topshirilgan. Hozirgi qurilishning ham tez sur’atlarda ketayotgani Kim Chen In bu loyihani ustuvor vazifa sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatadi.
Pxenyandagi mehmon rezidensiyalarida so‘nggi yillarda Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari — Sergey Shoygu, Andrey Belousov va Dmitriy Medvedev ham istiqomat qilgani ma’lum. Biroq KXDR odatda bunday tashriflar tafsilotlarini oshkor qilmagani bois, rasmiylar ro‘yxati bundan kengroq bo‘lishi mumkin.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!