O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi doirasida FIA prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros va mobillik hamda turizm bo‘yicha vitse-prezident Tim Shirman ham ishtirok etdi. Tomonlar avtosportni rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonda professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, mamlakatda kartingdan “Formula” poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni rivojlantirishdagi hamkorlik muhimligi ta’kidlandi.
FIA universiteti imkoniyatlaridan foydalanib, o‘zbekistonlik poygachilar, muhandislar va mexaniklarni tayyorlash, zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, xalqaro musobaqalar, jumladan, “Formula 1” bosqichlarini O‘zbekistonda o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev FIA rahbariga O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirish va ommalashtirishdagi hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yil Samarqandda FIA’ning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi o‘tkazilgan edi. Shu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni Humo Arena majmuasida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi rejalashtirilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!