Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ikki-uch oy ichida mamlakatda prezidentlik saylovini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi, ammo buning uchun ikki shart bajarilishi lozimligini ta’kidladi.
Birinchisi — xavfsizlikni ta’minlash. Zelenskiy qayd etishicha, Ukraina muntazam Rossiya zarbalariga duchor bo‘lmoqda, shuning uchun harbiy xizmatchilarga ovoz berish imkoniyatini yaratish zarur. Ikkinchisi — saylovlarni harbiy holat sharoitida qonuniy o‘tkazish uchun tegishli qonunchilikni o‘zgartirish.
Prezident deputatlarga tegishli tuzatishlarni tayyorlashni topshirdi, birinchi masala esa faqat AQSH va Yevropa hamkorlari ishtirokida hal etilishi mumkinligini qayd etdi. Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik ta’minlansa, keyingi 60–90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyor bo‘ladi.
Bundan oldin, Donald Tramp Ukraina saylovini kechiktirish uchun urushdan foydalanayotganini aytgan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa saylovni bekor qilish tinchlik kelishuvini huquqiy jihatdan imkonsiz qiladi, degan fikrni ilgari surgan edi.
Oktyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, Ukraina aholisi orasida Zelenskiyga ishonch darajasi 60 foizni tashkil qilgan, 35 foizi ishonmagan, urush tugagach, faqat 25 foiz fuqarolar uni prezident sifatida ko‘rishni xohlashini bildirgan.
Zelenskiyning birinchi besh yillik vakolati 2024-yil 20-mayda tugagan bo‘lib, u avvalroq urush tugasa, ikkinchi muddatga saylanmasligini aytgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!