O‘zbekiston 2030-yilgacha 50 ming nafar fuqaroni Nordik davlatlariga yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborishni maqsad qilmoqda. Bu haqda 15-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari nutqida qayd etilishicha, avvallari O‘zbekiston fuqarolari asosan ikki-uchta davlatga borib ishlagan bo‘lsa, hozirda tashkiliy mehnat migratsiyasi doirasida 30 dan ortiq mamlakatda mehnat qilmoqda. Prezidentning ta’kidlashicha, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada jami 300 ming nafarga yaqin ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud bo‘lib, bu O‘zbekiston uchun yangi va yuqori daromadli mehnat bozori hisoblanadi.

Xususan, Norvegiya ish beruvchilari joriy yilning o‘zida 3 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini bevosita o‘zlari tayyorlab, Yevropa standartlariga mos sertifikat berish hamda kamida 2,5–3 ming yevro miqdorida oylik ish haqi bilan ta’minlashga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, Shvetsiya tomoni grant asosida ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va bu yilning o‘zida 500 nafar mutaxassisni ishga qabul qilish taklifi bilan chiqqan.

Yig‘ilishda mas’ul idoralarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan aniq kelishuvlarga erishib, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yo‘naltirish vazifasi yuklatildi. Jumladan, joriy yilda 5 ming nafar, 2027-yildan boshlab esa har yili kamida 10 ming nafar fuqaro Nordik davlatlariga tashkiliy mehnat migratsiyasi asosida yuborilishi belgilandi.

Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Shvetsiya va Latviyadagi O‘zbekiston elchilari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Nordik davlatlari — Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Finlyandiya va Islandiya bilan tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha alohida hamkorlik dasturi ishlab chiqiladi. Ushbu yo‘nalish kamida 500 million yevrolik mehnat bozorini qamrab olishi mumkinligi qayd etildi.

 

Davlat rahbari mutasaddilarga bir oy muddatda aniq dastur ishlab chiqib, 2030-yilgacha 50 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini Nordik davlatlarida ish bilan ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat olishni topshirdi. Bu tashabbus fuqarolarning daromadini oshirish, mehnat migratsiyasini tartibli va xavfsiz shaklda rivojlantirish hamda xorijdagi ishchi kuchi bozorlaridan samarali foydalanishga qaratilgani ta’kidlandi.