Hodisa, Jahon

Adam Qodirov YTHga uchradi: Ramzan Qodirov tarqatgan video haqiqatni yashirmoqda

Adam Qodirov YTHga uchradi: Ramzan Qodirov tarqatgan video  haqiqatni yashirmoqda

Checheniston muxolifati Niyso telegram-kanali va «Kavkaz.Realii» nashri 16 yanvar kuni kechqurun manbalarga tayanib, Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Grozniydagi YTH oqibatida jarohatlangani haqida xabar berdi.

«Kavkaz.Realii» manbasiga ko‘ra, Checheniston rahbarining 18 yoshli o‘g‘li boshqargan mashina juda katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa borib urilgan. «Ostorojno, novosti» manbasi yozishicha, Qodirovning mashinasi kortej boshida bo‘lgan, unga hamrohlik qilgan boshqa avtomobillar ham katta tezlikda harakatlangan, birinchi mashina to‘siqqa urilganidan so‘ng orqadagilar bir-biriga urilgan.

YTH oqibatida qancha odam jabrlangani hozircha aniq emas. Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda avariya oqibatida UFC chempioni Hamzat Chimayev halok bo‘lgani haqida xabar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmay «Chechnya segodnya» nashri Chimayev tirikligi va ayni vaqtda Dubaydaligi haqida xabar berdi.

Yo‘l-transport hodisasi joyi va unga tutash ko‘chalar o‘rab olingan, bu Google Maps va «Yandeks.Karty» xizmatlarida ham o‘z aksini topdi, shuningdek, Niyso xabariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar olib kelingan shifoxona atrofida ham harakat to‘sib qo‘yilgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi «uchar hospital» sifatida foydalanadigan An-148-100YeM samolyoti o‘sha kuni kechqurun Grozniydan uchib ketgan. Flightradar24 servisi ma’lumotlariga ko‘ra, u taxminan soat 1:10 da Moskvaning Vnukovo aeroportiga qo‘ngan, yarim soatdan so‘ng u yerga Ramzan Qodirovning RA-73417 bort raqamiga ega Airbus ACJ319 samolyoti ham uchib kelgan.

«Kavkaz.Realii» manbasi xabar berishicha, Adam Qodirov Grozniydaligidayoq, transportirovkadan oldin o‘ziga kelgan, shifokorlar uning ahvolidan xavotirda bo‘lmagan. Nashrning yana bir manbasiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar boshqa shaxslar ham Moskvaga yuborilgan. «Kavkaz.Realii» suhbatdoshi jabrlanganlar soni va jarohatlar darajasiga aniqlik kiritmadi. Niyso versiyasiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida Adam Qodirovning uch nafar tansoqchisi ham bo‘lib, ularning jarohati og‘ir.

Kichik Qodirov ishtirokidagi YTH bo‘yicha hech qanday rasmiy izoh berilmagan. Checheniston ommaviy axborot vositalari ham voqea haqida yozishmadi, faqatgina «Chechnya Segodnya» UFC jangchisi Hamzat Chimayev kasalxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlarga raddiya berdi. Grozniydagi yo‘l-transport hodisasi haqida na federal nashrlar va na bunday yangiliklarga ixtisoslashgan Baza, 112 va Mash telegram-kanallari xabar berdi.

17 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 16:00 da Ramzan Qodirovning telegram-kanalida Adam Qodirov respublika kuchishlatar tuzilmalari komandirlari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilish haqida post paydo bo‘ldi. Yig‘ilish aynan qachon bo‘lib o‘tganiga oydinlik kiritilmagan. Postga kichik Qodirov ham ko‘ringan video qo‘shilgan.

Unda aytilishicha, yig‘ilish davomida respublikada bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik, saylovlarni o‘tkazish davomida xavfsizlikni ta’minlash, ekstremizmga qarshi kurash kabi masalalar muhokama qilingan. «Yig‘ilish davomida Adam Qodirov huquq-tartibot organlari va muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratdi. Saylovlar davomida xvfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan hisoblanadi», – deb yozgan Ramzan Qodirov.

Shuningdek, Adam Qodirovga Zaporijjya AESini qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun «Atom stansiyalari xavfsizligini oshirishdagi xizmatlari uchun» medali topshirilgani ma’lum qilingan.

«Kavkaz.Realii» yozishicha, videofayl metama’lumotlari tahlili ushbu videoyozuv 15 yanvar kuni soat 18:04 da – avariyadan bir kun olinganini ko‘rsatgan. Niyso boshqa mahalliy kanallarda o‘sha yig‘ilish kadrlari o‘sha kuniyoq e’lon qilinganiga e’tibor qaratgan.

Adam Qodirov kim o‘zi?

Adam Qodirov – Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning eng taniqli farzandlaridan biri. Ramzan va uning rasmiy nikohdagi rafiqasi Mednining kamida 12 farzdandi borligi ma’lum. Katta farzandlar Chechenistonda yuqori lavozimlarga tayinlangan.

2023 yil sentabrida katta Qodirov o‘sha vaqtda 15 yoshda bo‘lgan Adam tergov izolyatorida Nikita Juravelni (Qur’oni karimni yoqib yuborishda gumonlangan) kaltaklagani aks etgan videoni e’lon qilgandi. O‘shanda Checheniston rahbari o‘g‘li bilan faxrlanishini aytgandi. Shundan keyin Adam Qodirovni turli mukofotlar bilan taqdirlasha boshlashdi, uning o‘zi esa Chechenistonda bir necha yuqori lavozimlarni egalladi, jumladan, Checheniston Respublikasi rahbari xavfsizligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi. 2025 yil aprel oyida Adam Qodirov Rossiya Ichki ishlar vazirligining mintaqaviy bo‘limi kuratori etib tayinlandi, keyin esa Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egalladi.