Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 5 oylik chaqaloq otasi og‘ziga paypoq tiqishi oqibatida vafot etdi.
Voqea 10-yanvar kuni sodir bo‘lgan. Bola yig‘layotgani sababli ota uning og‘ziga paypoq tiqqan. Bola nafas yetishmovchiligi oqibatida ko‘kara boshlagan. Shundan so‘ng ona chaqaloqni zudlik bilan shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar bolaning hayotini saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lsa-da, u oradan to‘rt kun o‘tib, shifoxonada vafot etgan.
“10-yanvar kuni kechasi soat 24:00 larda bir bemor o‘ta og‘ir ahvolda olib kelindi. Klinik o‘lim holatida edi, yurak va nafas olishi to‘xtagandi. O‘pka-yurak reanimatsiyasini o‘tkazdik. Shundan so‘ng yuragi tiklandi. To‘rt kun davomida bolalar reanimatsiyasi bo‘limida standart asosida davoladik. Kerakli mutaxassislar ko‘rdi. Shunga qaramasdan, 14-yanvar kuni soat 22:00 larda bolada biologik o‘lim holati kuzatildi. Shundan so‘ng ichki ishlar xodimi chaqirildi va murdani ekspertizaga o‘tkazdik”, degan shifokor O‘ral Rahmatullayev “Zamon” dasturiga bergan intervyusida.
Mahalla vakillarining ma’lum qilishicha, bu erkakning shar’iy nikohiga olingan ikkinchi oilasi bo‘lgan. Avvalgi oilasida ham u farzandlariga doimiy ravishda zulm qilgan. Mahalla yettiligi erkak bilan ko‘p marotaba profilaktik suhbatlar o‘tkazgan va nazoratda bo‘lgan.
Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Fayozbek Qosimovning bildirishicha, mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!