Jizzax viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatni fosh etdi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, G‘allaorol tumanida yashovchi 18 yoshli (2007-yilda tug‘ilgan) qiz Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli qizni Tailandning Bangkok shahrida “mo‘may daromad topishga” qiziqtirgan. “Aniqrog‘i, fohishalik bilan shug‘ullanish ortidan kuniga 350−400 dollar daromad topishini va’da qilib, safar xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik e’lon qilgan videodan anglashilishicha, qiz o‘zining fohishalikka ketayotganini bilgan.

12-yanvar sanasiga Toshkent — Bangkok yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar rasmiylashtirilgan. Shu kuni chet elga chiqish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘l olingan. Biroq ular Jizzax viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan Do‘stlik tumanidagi Manas-14 YPX maskanida to‘xtatilib, protsessual tartibda ushlangan.

IIV holatning boshqa tafsilotlariga, jumladan, holat bo‘yicha biror arizaga ko‘ra harakat etilganmi yoki bu tasodifiy tekshiruvda aniqlanganmi, to‘xtalmadi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilayotgani qo‘shimcha qilindi.