AQSHda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard dollar “Tinchlik kengashi”ga ajratilishi, qolgan mablag‘lar esa Ukrainadagi urush oqibatida vayron bo‘lgan hududlarni tiklashga yo‘naltirilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 21 yanvar kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan mablag‘lar Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilganidan so‘ng, harbiy harakatlar davomida zarar ko‘rgan hududlarni tiklash uchun ishlatilishi mumkin.
Putin qaysi hududlarni (Kiyev nazoratida qolayotgan joylarnimi yoki Moskva tomonidan bosib olingan hududlar) nazarda tutayotganini aniqlashtirmagan. Shuningdek, u Moskva AQSHning taklifini qabul qilib, “Tinchlik kengashi”ga a’zo bo‘lishga tayyormi-yo‘qmi, bu haqda ham hech narsa demagan.
“Tinchlik kengashi” dastlab G‘azo sektorida tinchlikni ta’minlash rejasi doirasida tashkil etilgan. Biroq uning nizomi bilan tanishgan kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, ushbu organ vakolatlari ancha keng bo‘lishi mumkin va natijada u BMTga raqobatchi tuzilma sifatida shakllanishi ehtimoli bor.
“Tinchlik kengashi” nizomi bugun, 22 yanvar kuni Davosda o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida imzolanishi kutilmoqda. Kengash raisi Donald Tramp bo‘ladi. Uning ijroiya qo‘mitasiga, boshqalar qatorida, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidentining kuyovi Jared Kushner va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi. “Tinchlik kengashi” ishida ishtirok etish uchun Germaniya va Rossiya yetakchilariga ham taklifnomalar yuborilgan.
AQSH “Tinchlik kengashi” ishida ishtirok etish uchun jami qariyb 50 nafar jahon yetakchisiga taklifnoma yuborgan.
Ma’lumot uchun, 1 milliard dollar – “Tinchlik kengashi”da doimiy a’zolikni xohlagan davlatlar bir yil davomida to‘lashi lozim bo‘lgan badal hisoblanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!